Surxondaryo viloyati hokimligida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimizda keyingi yillarda so‘z va matbuot erkinligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini mustahkamlashga, fuqarolarning axborot sohasidagi konstitusiyaviy huquqlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bu borada amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlar yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida erishilayotgan yutuqlarimizni keng targ‘ib qilib, global axborot maydonida milliy manfaatlarimizni himoya qilishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Ayni paytda Surxondaryo viloyatida 34 gazeta, ikkita jurnal, uchta televideniye, bitta radiokanal, uchta nashriyot, ikkita bosmaxona faoliyat yuritmoqda. Viloyat, tuman va shahar hokimliklarining matbuot xizmatlari, boshqarma va tashkilotlarda 60 ga yaqin axborot xizmati faoliyat yuritmoqda. Ularda 400 dan ortiq soha fidoyilari mehnat qilib, viloyatda erishilayotgan yutuqlar, jamiyatda yuz berayotgan yangilanishlarni keng yoritmoqda. Joylardagi ijtimoiy muammolar va kamchiliklarga davlat idoralari va keng jamoatchilik e’tiborini qaratmoqda.
– Bundan besh yil avval ham ommaviy axborot vositalariga bugungidek e’tibor yo‘q edi,– deydi “Janub vaqti” gazetasi bosh muharriri Rajabgul Muhammadiyeva.–So‘nggi yillardagi ochiqlik va oshkoralik siyosati jamiyatdagi yutuqlar bilan birga odamlar duch kelayotgan muammolarni ham keng jamoatchilikka yetkazishda muhim omil bo‘layotir. Bu o‘zgarishlar bizning teran nigohda voqea-hodisalarga xolislik bilan yondoshib, jamiyatni har taraflama rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishimizga undayotgan bo‘lsa, aholining bugungi kunidan rozi bo‘lib yashashida muhim o‘rin tutmoqda, ertangi yanada farovon hayotiga ishonch hissini mustahkamlamoqda.
Tadbirda bir guruh jurnalistlar va blogerlarga viloyat hokimining Faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg‘alari tantanali topshirildi. Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov so‘zga chiqdi.

Manba: https://telegra.ph/Surxondaryo-06-27-3