Jonajon yurtimizga yasharish, bahor va go‘zallik bayrami – Navro‘zi olam kirib keldi.
Ana shu qutlug‘ ayyom – Sharqona yangi yil bilan siz, muhtaram otaxon va onaxonlarni, munis opa-singillarimiz, suyukli farzandlarimiz, butun xalqimizni chin yurakdan samimiy muborakbod etaman.
Qalblarimiz shodlik va quvonchga to‘lgan mana shu lahzalarda barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman.
Qadrli tumanimiz ahli!
Bu yilgi Navro‘z bayrami yurtimizning barcha shahar va qishloqlarida umumxalq sayillari tarzida o‘tkazilayotganligi unga o‘zgacha fayz va shukuh bag‘ishlamoqda.
Vohamizdagi aziz insonlar bir birlarini qutlab, dala va qirlar, bog‘ va maydonlarda Navro‘z bayramini shodu-xurramlik bilan nishonlamoqdalar.
Doshqozonlarda sumalaklar pishirib, dasturxonlarga bahor ne’matlarini tortib, sayl va tomoshalar qilmoqdalar. Shu yorug‘ kunlarga yetkazgani uchun shukronalar aytmoqdalar. O‘zaro mehr oqibat, sahovat va muravvat ko‘rsatish, tabarruk keksalarimizni yo‘qlash, nogironlar, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, hasharlar o‘tkazib, yurtimizni yanada obod qilish kabi savobli ishlarimiz Navro‘zning fayziga yanada fayz qo‘shmoqda.
Aziz tumanimiz ahli!
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimizning tashabbusi bilan Inson qadri uchun olib borilayotgan siyosati, xalqimizning mustahkam irodasi, halol, fidokorona mehnati bilan barcha sohalarda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda tumanimizda ham ko‘plab yangilanish va o‘zgarishlar yuz bermoqda. Jumladan, tumanimizning iqtisodiy salohiyatini oshirish, aholi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, hududlarda kambag‘allikni qisqartirib, tadbirkorlikni rivojlantirish, sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishini yaxshilash, xalqimiz daromadini ko‘paytirish orqali voha ahlini rozi qilish yo‘lida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Sharqona yil boshida bu haqda to‘xtalar ekanmiz, davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashriflari chog‘ida belgilab bergan muhim vazifalardan o‘ylaymanki, barchangizning xabaringiz bor. Shu o‘rinda, joriy yilda viloyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun yirik miqdordagi mablag‘ ajratilgani ham hurmatli Prezidentimizning hudud aholisiga ko‘rsatayotgan cheksiz g‘amxo‘rligining amaldagi ifodasidir.
Joriy yilda shuningdek, aholini uy-joy bilan ta’minlash, keng, ravon yo‘llar bunyod etish, tumanning boy turistik salohiyatidan oqilona foydalanish, xizmatlar ko‘rsatish va ijtimoiy sohalarda ham katta yangilanishlar yuz bermoqda. “Temir daftar”, “Ayollar va Yoshlar” daftarlariga kiritilgan fuqarolarimizga e’tibor yanada kuchaytirilayapti.
Ushbu tarovatli, fayzli kunlarda barchamiz sharqona Yangi yil – Navro‘zi olamning barakali kelishini, el-yurtimiz obod, xalqimizning rizqi butun bo‘lishini niyat qilamiz. Ana shu ezgu tilaklar asosida xalqimizni rozi qilish yo‘lida olib boradigan bu ishlarni albatta Sizlar bilan bahamjihat bajaramiz.
Navro‘z qadimdan biz uchun dehqonchilik mavsumining boshlanishi, qut-baraka ramzi bo‘lib kelgan.
Ota-bobolarimiz ayni shu pallada dasturxonimiz to‘kinligi, elimiz farovonligi uchun yerga baraka urug‘ini sochgan. Bugun ham qalbi qaynoq dehqonlarimiz buyuk ajdodlarimiz an’anasini davom ettirib, yaxshi niyatlar bilan yerdan, o‘z tomorqasidan rizq-nasiba, daromad topishga intilmoqda. Bo‘sh turgan yerlarga mevali-manzarali daraxt va gul ko‘chatlarini ekib, yashil maydonlar barpo etmoqda. Obi-tobiga kelgan maydonlarga turli ekinlarning baraka urug‘ini sepmoqda.
Xalqimiz ming yillardan buyon nishonlab kelayotgan go‘zal ayyom arafasida Navro‘zi olam barchamizning ishimizga baraka, yangi bosqichda rivojlanayotgan Yangi O‘zbekistonimizga tinchlik-totuvlik, xonadonlarga fayz, xalqimizga obod va farovon turmush olib kelsin, deymiz!
Fursatdan foydalanib, Siz azizlarni yana bir bor qutlug‘ ayyom bilan tabriklab, xonadoningizga to‘kinlik, sihat-salomatlik, baxt va omad, ishlaringizga rivoj tilayman!

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan